SOCH PARVARISHI

Chiroyli sochlar – bu ayolning tashrif qog‘ozidir. Va faqat sog‘lom sochlar chiroyli, qalin, elastik, porloq, yaxshi tiklanuvchan bo‘lishi mumkin. Ularning siri nimada?

Sochlar – o‘z egasining umumiy jismoniy va ruhiy holatining ko‘rsatkichidir. Doimiy asabiy holat, ortiqcha ish, albatta, sochlarning holatiga ta’sir qiladi, ehtimol ularning yo‘qolishiga olib kelishi ham mumkin.

Shuning uchun, birinchi maslahat: agar siz yaxshi sochlarga ega bo‘lishni istasangiz, dam olishni va stress bilan kurashishni o‘rganing. Bu vaziyatda maxsus sokinlashtiruvchi mashqlar va valerianani (yoki boshqa tinchlantiruvchi o‘tlarni) kunlik iste’mol qilish yordam beradi. Ko‘pgina kasalliklar va kuchli diyetalar sochlarning holati va tashqi ko‘rinishining yomonlashishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun, agar sochingiz bilan bog‘liq biror nojo‘ya holat bo‘lsa, shifokor-terapevtga borishni unutmang, tahlillar topshiring va tananing umumiy holatini tekshiring. Sochlar qaysi organ noto‘g‘ri ishlayotganini ko‘rsatishi mumkin. Quruq sochlar (va bosh terisi) buyrak kasalligini, yog‘li sochlar jigar kasalligini ko‘rsatishi mumkin.

Soch to‘kilishi endokrin tizim kasalliklari, jigar yoki xoletsistit, erta kulrang sochlar – qalqonsimon bez kasalliklari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Agar kerak bo‘lsa, davolanishni boshlang, muvozanatli, to‘yimli ovqatlanishga o‘tishga harakat qiling, chunki bu ham sochlar holatiga ta’sir qiladi. Agar sochlarning holati shunchaki “falokat”: juda faol ravishda to‘kilish, soch tuzilishining o‘zgarishlarini namoyon qilsa, unda trixolog ko‘rinish kerak bo‘ladi, bu “dahshatli” so‘zning(trixolog) orqasida sochni davolash bo‘yicha mutaxassis turadi.

Agar jiddiy kasalliklar bo‘lmasa, lekin siz sochlaringiz yaxshiroq ko‘rinishini xohlasangiz, u holda eng asosiy ayol qadriyatlaridan biriga qanday munosabatda bo‘lishimiz va har kuni u haqida qayg‘urishmiz kerakmi degan savolga e’tibor berish kerak bo‘ladi. Siz harakatni polivitaminli kompleks (yiliga 1 oylik kurs davomida vitamin A – qora nonga sariyog‘ va baliq yog‘i)ni tanlash bilan boshlashingiz kerak.

Kuz mavsumida sochlaringizni yomg‘irdan himoya qilish kerak bo‘ladi. Yomg‘ir suvi ayolning eng yaqin do‘sti bo‘lgan davrlar ortda qoldi. Shuning uchun, agar ustki kiyimingizda qalpoq bo‘lmasa, o‘zingiz bilan soyabon yoki ro‘mol olib yurishni unutmang. Va agar siz ochiq boshingiz bilan yomg‘irda qolsangiz, uyga qaytishingiz bilan sochlaringizni yuvishni unutmang.

Qishda, gipotermiya (agar siz bosh kiyimsiz yursangiz) va qizib ketish (ayniqsa, agar siz o‘xshamagan soch turmagini yashirishga harakat qilib, tashqaridan biror bir muassasaga kirayotganda bosh kiyimingizni yechmasangiz) bir xil darajada yomon, shuning uchun ob-havoga mos bosh kiyim tanlashga harakat qiling va uni bino ichida albatta yechib qo‘ying.

Boshni to‘g‘ri tartibda yuving. Birinchidan, soch turiga mos shampunni (yog‘li, quruq, normal, kombinatsiyalangan) tanlashingiz kerak. Bundan tashqari, kombinatsiyalangan turdagi sochlar (ildizlari yog‘li, uzunligi bo‘ylab quruq) uchun  siz yog‘li sochlarga mo‘ljallangan shampundan foydalanishingiz kerak. Yuvish uchun suv juda issiq bo‘lmasligi kerak (50 darajadan oshmasligi kerak), yog‘li sochlar uchun esa xona haroratidagi suvdan foydalanish yaxshiroqdir. Albatta, qaynatilgan yoki filtrlangan suvdan foydalanish eng yaxshi yo‘ldir, lekin buni amalga oshirish uchun odatdagidan ko‘ra ko‘proq vaqt kerak bo‘ladi, ammo natija bunga arziydi. Yuvishdan oldin sochlarni yaxshilab tarash kerak, natijada boshning qon aylanishini yaxshilanadi va epidermisning korneum qavati qoldiqlari va ifloslanishning bir qismi (turmaklash vositalarining qoldiqlari) ketadi. Shampunni qo‘lning kaftiga surtish kerak, suv bilan ozgina suyultiriladi, ko‘pirtirgandan keyingina nam sochlarga surtiladi, bosh terisini massaj qilinadi va sochlar “g‘irchillaguncha” yaxshilab chayiladi. Sochlarning “g‘irchillashi” shampun qanchalik yaxshi tanlanganligining ko‘rsatkichidir. Yuvib bo‘lgandan so‘ng, sochingizning butun uzunligiga konditsioner yoki balzam surting va sochlaringizni sovuq suv (qo‘llar uchun issiq hisoblangan haroratdagi) bilan yuving. Yoki balzam o‘rniga tabiiy konditsionerlar – qichitqi o‘ti, mavrak, qariqiz ildizi, qilmoq mevalari, yalpiz, tirnoqgul, moychechaklardan foydalaning.

Sochingizni suvni yaxshi shimadigan sochiq bilan quriting va hech qanday holatda ishqalamang. Nam sochlarni juda ehtiyotkorlik bilan tarash kerak, chunki ular juda nozik. Uzun sochlar (va nafaqat nam sochlar) har bir qismni ushlab, uch qismidan taralishi kerak, so‘ngra sochni o‘rtasidan va oxiridan taraladi. Kalta sochlar ildizlardan boshlab taraladi. Soch ko‘p to‘kilgan paytda uni tarash uchun kam uchraydigan tabiiy tishli taroqdan foydalaniladi, har qanday holatda taroq soch va bosh terisiga zarar bermasligiga ishonch hosil qilinishi kerak.

Sochlar kerak bo‘lgan paytda yuviladi va kundalik ravishda yuvish sochlarning sog‘lig‘i uchun har doim ham eng yaxshi holat emas, chunki bunday vaziyatda sochlar quriydi. Ammo sochni har qanchada yuvish oralig‘i  juda individual holat bo‘lib, har kim uni o‘zi uchun tanlaydi. Masalan, haftada bir marta, shampun o‘rniga iliq suv bilan bug‘langan Borodino noni yoki tuxum sarig‘i bilan yuvish tavsiya qilinishi mumkin.

Lekin, tavsiya etilmaydigan narsa shuki, sochlarni har kuni fen bilan quritmaslik kerak. Agar issiq havo bilan tez-tez quritishning oldini olishning iloji bo‘lmasa, namlantiruvchi shampun va silikonli va namlantiruvchi vositalarga ega  konditsioner oling va sochni fenni bir joyda uzoq vaqt tutib turmagan holda, minimal rejimda quriting.

Kundalik ravishda ayniqsa yotishdan oldin kechqurun, sochni tarash va bosh terisini massaj qilishga e’tibor qarating, chunki protsedura nafaqat qon aylanishini yaxshilaydi va soch o‘sishini kuchaytiradi, balki tinchlanish va dam olishga yordam beradi. Sochlaringizni har doim mahkam tortmaslikka harakat qiling, chunki bu holda siz ularning mo‘rtligini oshirasiz. Moda tendensiyasi – lentalar va tasmalarni hisobga olgan holda, biz sochlarimizni ularning o‘sish yo‘nalishini buzmagan holda yig‘ib nafaqat uyda, balki ishda ham dam oldirishimiz mumkin.

Vaqti-vaqti bilan tiklovchi soch maskalaridan foydalaning. Albatta, tabiiy mahsulotlardan tayyorlangan tayyor niqoblardan foydalanish mumkin. Ammo, chiroyli qadoqlar bizning qo‘limizga tushgunga qadar, ushbu mahsulotlar bilan qancha kimyoviy o‘zgarishlar sodir bo‘lishini hisobga olsak, biz ularni tabiiy shaklda ishlatishimiz mumkin bo‘lgan xalq tabobatiga e’tibor qaratishimiz kerak. Kimyoviy tarkibga ega niqoblarning aynan qay biri sizga mos kelishini kim aniq bilishi mumkin?  Xalq tabobati vositalari asrlar davomida sinovdan o‘tgan. Profilaktika uchun – 50 ml aroq va bir choy qoshiq limon sharbati aralashtiriladi va kunora 2 hafta davomida bosh terisiga surtiladi. Yuvishdan oldin bir dona tuxum sarig‘i va bir osh qoshiq kastor  yog‘idan (bodom, chakamug‘ yog‘i) niqob (bir choy qoshiq asal qo‘shilishi mumkin) tayyorlanadi, sochlarga iliq holatda surtilib, sochlarni polietilen bilan o‘raladi, ustiga eski yumshoq sochiq yopiladi va niqob kamida bir soat(yoki uzoqroq) ushlab turiladi.

Tez tayyorlanadigan niqob uchun retsept: bir osh qoshiq konyak va bir dona tuxum sarig‘ini ko‘pirtirib, bir soat davomida sochlarga suring.

Sochingizni chiroyli, qalin va yorqin qilish uchun sizga ozgina mehnat, sabr va bir nechta oshkor qilingan sirlar kerak bo‘ladi.

Dina Serebrova. StyleHive.ru jurnali uchun maxsus